2025-yilda Temir yo‘l, Aviatsiya va Jamoat transporti tizimidagi o‘zgarishlar va erishilgan natijalar

#Sarhisob 

Jamoat transporti: 2025-yilning natijalari

2025-yil davomida mamlakatimiz barcha hududlarida jamoat transporti tizimi va infratuzilmasini rivojlantirish, harakat tarkibini yangilashga qaratilgan qator yirik loyihalar amalga oshirildi.

Yakunlangan yilda jamoat transporti harakat tarkibini yangilash maqsadida 1 426 ta transport vositasi xarid qilinib, yo‘nalishlarga joylashtirildi. Shundan, 984 tasi zamonaviy ekologik toza elektrobus va avtobuslardir. Jamoat transporti qamrovini kengaytirish orqali aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida 220 ta yangi yo‘nalish yo‘lga qo‘yildi.

Jamoat transporti ishining miqdor va sifat ko‘rsatkichlarini shaffof nazorat qilishni ta’minlaydigan brutto-shartnoma tizimini bosqichma-bosqich joriy etish davom etmoqda.

Toshkent shahridagi asosiy o‘zgarishlardan biri jamoat transportida naqd pul qabul qilish amaliyotidan to‘liq voz kechildi. Natijada jamoat transportida sodir etiladigan qoidabuzarliklar 2 barobarga qisqardi va yashirin iqtisodiyot bartaraf etildi.

 

Temir yo‘l transporti: 2025-yilning natijalari

2025-yilda temir yo‘l transporti barqaror rivojlanib, yo‘lovchi va yuk tashishdagi muhim o‘rnini yana bir bor tasdiqladi. 

Yil davomida 10,9 mln yo‘lovchi tashildi, yuk tashish hajmi esa 106,4 mln tonnaga yetdi. Tranzit tashuvlar ham izchil o‘sib, 12 mln tonnadan oshdi.

Infratuzilmani modernizatsiya qilish doirasida Buxoro – Urganch – Xiva yo‘nalishi to‘liq elektrlashtirildi. Natijada elektrlashtirilgan temir yo‘llar ulushi 51 foizga yetkazildi. Shu bilan birga, Baytqo‘rg‘on – Parkent va Samarqand – Urgut yo‘nalishlarida qurilish ishlari yakunlandi. Miskin – Nukus yo‘nalishlida esa qurilish va elektrlashtirish ishlari jadal davom etmoqda.

2026-yilda ushbu ishlar yanada kengayib, “Jaloliddin Manguberdi” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, 110 km yangi temir yo‘l barpo etiladi va harakat tarkibi yangilanadi.

 

Aviatsiya sohasidagi 2025-yil natijalari

Aviatsiya sohasida olib borilayotgan islohotlar izchil natija berib, uning mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda.

2025-yilda aviaqatnovlar orqali jami 15,6 mln nafar yo‘lovchi tashildi. Rezident aviakompaniyalar tomonidan 23 ta yangi havo kemasi olib kelinib, milliy aviaparkdagi havo kemalari soni 109 taga yetkazildi. Shuningdek, 22 ta zamonaviy Boeing-787 rusumidagi havo kemalarini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Bugungi kunda 17 ta rezident va 51 ta xorijiy aviakompaniya tomonidan 206 ta yo‘nalishda muntazam parvozlar amalga oshirilmoqda. 2025-yilda 33 ta yangi va qayta tiklangan yo‘nalish ochilishi natijasida aviaqatnovlar soni oshib, yo‘lovchilar oqimi va yuk tashish hajmida sezilarli o‘sish qayd etildi.

Aeroport infratuzilmasini rivojlantirish doirasida Sariosiyo aerodromi va Andijon xalqaro aeroporti to‘liq rekonstruksiya qilinib, parvozlar tiklandi. Shuningdek, “Toshkent – Sharqiy” aerodromi negizida “Toshkent – Humo” zamonaviy aeroport majmuasi ishga tushirildi. Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishiga start berildi.

2026-yilda aviatsiya sohasida rivojlanish sur’atlari yanada oshib, parvozlar soni 140 mingga, yo‘lovchilar oqimi 16,9 mln nafarga yetkazilishi, yangi aeroport va aerodrom loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
 

Yo‘l xo‘jaligi sohasidagi 2025-yilning natijalari

2025-yilda yo‘l xo‘jaligi sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, 21,5 ming km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi.

Shundan 7,9 ming km umumiy foydalanishdagi yo‘llar holati yaxshilandi, 13,6 ming km shahar va aholi punktlari yo‘llarida ta’mirlash va shag‘allashtirish ishlari bajarildi.

Xususiy sektorni jalb etish maqsadida 860 km avtomobil yo‘llari autsorsing asosida tadbirkorlarga topshirildi.

Shuningdek, 320 ta ko‘prikda ta’mirlash va tiklash ishlari olib borildi.

Pullik avtomobil yo‘llari bo‘yicha “Toshkent – Andijon” loyihasining tender jarayoni 1-bosqichi yakunlanib, 2-bosqich ishlari davom etmoqda. “Toshkent – Samarqand” pullik avtomobil yo‘li bo‘yicha loyiha hamkorini aniqlash va tegishli takliflarni ishlab chiqish jarayonida.