“Farg‘ona” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5-sonli qaror qabul qilindi

Farg‘ona tumanining turizm salohiyatidan samarali foydalanish, tog‘li hududlarning zaxira imkoniyatlarini ishga tushirish, aholini xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, tumanning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, master reja asosida xizmat ko‘rsatish majmualarini tashkil qilish, xalqaro kurort zonasini rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-yanvar kuni “Farg‘ona” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

 

Qarorga muvofiq, “Farg‘ona” turistik-rekreatsion zonasi (turistik zona) umumiy 2396 gektar maydonda faoliyat ko‘rsatish muddatini keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilga tashkil qilinadi.

 

Farg‘ona tumanida “Vodil” malina agroturizm klasterini turistik obyektga aylantirish uchun zarur infratuzilma yaratiladi va salohiyatli tadbirkorlarni jalb etgan holda malina bog‘lari (plantatsiyalari) hududida yengil konstruksiyali xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil qilinadi.

 

2026–2027-yillarda Yozyovon tumani Markaziy Farg‘ona suv ombori atrofidagi yer maydonlarida turizm xizmatlarini tashkil qilish orqali ish o‘rinlari yaratiladi.

 

Shuningdek, Farg‘ona tumani “Sanoat” va “Hosilot” MFY hududlarida xorijiy mamlakatlarning ijobiy tajribasi asosida malina plantatsiyalarini tashkil qilish, muzlatkichlar va chuqur qayta ishlash sexlarini qurish orqali agroturizm xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

 

Mazkur tashabbuslar hududda turizm va agrosanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliy aholi bandligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.